Davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Rim Abdulovich Giniyatullin 19-aprel kuni 83 yoshida vafot etdi.
Rim Giniyatullin 1943-yil 18-sentyabrda Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. U 1963-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Qurilish vazirligida oddiy ishchi sifatida boshlagan Rim Giniyatullin keyinchalik usta va bosh muhandis lavozimlarida ishlagan. Shundan so‘ng u Suv xo‘jaligi vazirligida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bosh boshqarma rahbari va vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
U, shuningdek, Davlat reja qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hamda Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ham xizmat qilgan.
1989–1996-yillarda Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, 1996–1997-yillarda esa O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan. Bu davrda u mamlakat suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan.
"Rim Giniyatullin Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida ham rahbarlik lavozimlarida ishlab, ekologik muammolar oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etgan. So‘nggi yillarda u Yangi O‘zbekiston islohotlari jarayonlarida faol qatnashib, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga hissa qo‘shgan", - deyiladi rasmiy xabarda.
Uning xizmatlari davlat tomonidan munosib baholanib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, shuningdek, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Rim Abdulovich Giniyatullin xalq orasida tajribali rahbar, samimiy va kamtar inson sifatida yodda qoladi.













